TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tojikistonlik hamkasbi Emomali Rahmonni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga borishga taklif etdi. Davlat rahbari ushbu taklifni Dushanbe shahridagi “Qasri Millat” qarorgohida bo‘lib o‘tgan tor doiradagi uchrashuvda bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev 10-11 iyun kunlari Tojikistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Rahmon uni aeroportda shaxsan o‘zi kutib oldi. Keyin davlat rahbarlari “Qasri Millat” qarorgohiga yo‘l olishdi. U yerda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar bir biriga rasmiy delegatsiya a’zolarini tanishtirdi. Faxriy qorovul tantanali marsh bilan davlat rahbarlari oldidan o‘tdi.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda davlat rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligining barcha jihatlarini ko‘rib chiqdilar, siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar.
Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mirziyoyev ushbu tashrifga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganini qayd etdi. Hududlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, qiymati qariyb 700 million dollar bo‘lgan aniq loyiha va shartnomalar imzolandi. Birinchi bor Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi.
“Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Emomali Rahmon ushbu tashrifning ahamiyatini alohida qayd etdi. O‘zbekiston Tojikistonning strategik sherigi va ishonchli qo‘shnisi ekanini urg‘uladi.
“Bugun siz bilan munosabatlarimizning holati va istiqbollarini hamda xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilishga tayyorman”, – deb ta’kidladi Tojikiston yetakchisi.
Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki mamlakat hududlari salohiyatini samarali ishga solish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Ko‘p qirrali hamkorlikning yangi "o‘sish nuqtalari"ni topish muhim ekani ta’kidlandi. Shuningdek, parlamentlararo aloqalar, madaniy-gumanitar almashinuv, barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi va o‘zi nomidan birodar Tojikistonni mustaqilligining bo‘lajak 30-yilligi bilan tabrikladi, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Shuningdek, u tojikistonlik hamkasbini o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga borishga taklif etdi.