TOShKENT, 9-iyun - Sputnik. Bugun, 9-iyun kuni, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qatar Davlati Bosh vaziri o‘rinbosari — Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Sal avval shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrif buyurishi haqida xabar bergan edik.
Shuni alohida e’tirof etish joizki, bu Qatar tashqi ishlar mahkamasi rahbarining O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk tashrifidir.
Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining holati va rivojlanish istiqbollari, tomonlarning xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro munosabatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, turli darajadagi rasmiy uchrashuvlarning jadvali va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, turli darajadagi rasmiy uchrashuvlarning jadvali va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Qatar Davlati Bosh vaziri o‘rinbosari — Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhiti va sarmoyaviy muhitni yaxshilash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.
Tomonlar Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish, uning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini qayta tiklash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyada Qatar tomonining ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida “Havo qatnovi to‘g‘risida”gi bitim imzolandi. Unga ko‘ra “Doha-Toshkent-Doha” yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia qatnovlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.