Toshkentda dunyoning eng baland cho‘qqisini zabt etgan o‘zbekistonlik kutib olindi

O‘zbekistonlik alpinist Sergey Denisenko 1-iyun kuni Everest cho‘qqisini zabt etdi. Bu Nepal tomonidan o‘zbekistonlik alpinistning birinchi marta ushbu cho‘qqiga chiqishidir.
Sputnik
Himolay tog‘ining eng baland nuqtasi Everest (Jomolungma) cho‘qqisiga O‘zbekiston bayrog‘ini o‘rnatgan o‘zbekistonlik alpinist Sergey Denisenko Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Denisenko O‘zbekiston bayrog‘i sayyoraning eng baland nuqtasida hilpirab turganidan g‘ururlanishini aytdi.
Sportchining so‘zlariga ko‘ra, cho‘qqiga ko‘tarilish jiddiy jismoniy tayyorgarlik, chidamlilik va mustahkam irodani talab etadi. Cho‘qqini zabt etishga u ikki yildan ortiq vaqt sarflagan.
Everest cho‘qqisiga ko‘tarilish Nikita Balabanov boshchiligidagi "Kuluar" ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirilgan. Sergey Denisenko dunyodagi eng baland cho‘qqining zabt etilishini O‘zbekiston mustaqilligining 30-yilligiga hadya qilgan.
Everest cho‘qqisining balandligi 8848 metrni tashkil etadi.