“Salar” tozalash inshooti atrofidagi barcha korxonalar faoliyati to‘xtatildi

“Salar” tozalash inshooti atrofidagi barcha korxonalar faoliyati to‘xtatilgandan so‘ng noxush hid tarqalishi yo‘qoldi.
Sputnik
TOShKENT, 7-iyun – Sputnik. Toshkent shahar hokimligida 5-iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng, “Salar” oqova suvlarni tozalash inshooti atrofidagi barcha korxonalar faoliyati ma’lum muddatga to‘xtatildi deb xabar qilmoqda "O‘zsuvta’minot" AJ axborot xizmati.
“5 iyun kuni Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng, "Salar" oqova suvlarni tozalash inshooti atrofidagi barcha korxonalar faoliyati ma’lum muddatga to‘xtatilgan edi. Kuzatuvlarga ko‘ra, ular ishlamayotganda kechki payt inshootda hech qanday yoqimsiz hid sezilmadi.
Ayni paytda "Salar" inshooti atrofidagi barcha korxonalar faoliyati to‘xtatildi va ishchi guruh hamma obyektlar, jumladan, inshoot faoliyatini atroflicha o‘rganmoqda”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zgarish” va “No‘g‘oyqo‘rg‘on” mahallalari aholisi uzoq vaqtdan buyon kechki payt yoqimsiz hid tarqalishidan aziyat chekayotgan edi. Ushbu muammo matbuotda ham televideniyeda ham ko‘p marotaba yoritilgan edi.
Dastlab yoqimsiz hid paydo bo‘lishida “Salar” oqova suvlarni tozalash inshooti ayblangan bo‘lsa, keyinchalik bunda ushbu hududdagi kanal bo‘yida joylashgan terini qayta ishlash korxonalari ham bo‘lishi mumkinligi aytilgan edi.
Toshkentda aholi yoqimsiz hid kelayotgani haqida shikoyat qilmoqda
Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahar hokimining topshirig‘iga asosan ishchi guruh tashkil etilgan va ungi Sanitariya-epideomiologik osoyishtalik va jamoat nazorati xizmati, ekologlar, boshqa turli soha mutaxassislari kirtilgan edi.
Ayni damda ishchi guruh o‘z faoliyatini uch yo‘nalishda olib bormoqda:
Birinchi yo‘nalishda “Salar” oqova suvlarni tozalash inshootining ish faoliyati to‘liq o‘rganilib, uskunalar, texnik va texnologik holat tahlil etilmoqda.
Ikkinchi yo‘nalishda "O‘zgarish” va "No‘g‘oyqo‘rg‘on" mahallalari hududidagi korxonalar faoliyati va ularning "Salar" oqova suvlarni tozalash inshootiga chiqarayotgan tashlamalari atroflicha o‘rganilmoqda.
Uchinchi yo‘nalishda Salar kanali ko‘zdan kechirilib, unga noqonuniy chiqindilar tashlash holati aniqlanmoqda.