TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Hukumat qarori bilan Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, jamoat tarbiyachilarining asosiy vazifasi nazoratsiz va qarovsiz qolgan hamda huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan voyaga yetmagan shaxslar bilan yakka tartibda ishlash, shuningdek, ota-onasiga (yoki o‘rnini bosuvchi shaxslarga) voyaga yetmagan shaxslarni tarbiyalashda yordam ko‘rsatishdan iborat.
Voyaga yetmagan shaxslarning jamoat tarbiyachisi 30 yoshga to‘lgan, voyaga yetmaganlar bilan kamida ikki yil ishlash tajribasiga ega, hayotiy tajribasi va axloqiy fazilatlari bilan voyaga yetmaganlarga ijobiy ta’sir eta oladigan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi kerak.
Voyaga yetmagan qizlarga ayol jinsiga mansub jamoat tarbiyachilari tayinlanadi.
Jamoat tarbiyachisini tanlash va tayinlash haqidagi qaror Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha tuman (shahar) idoralararo komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
Quyidagi voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilari tayinlanishi mumkin:
sud tomonidan majburlov choralari qo‘llanilgan yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan;
ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan;
ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytgan yoki tarbiya koloniyalarida jazoni o‘tagan;
nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlar;
bolani tarbiyalashda yordamga muhtoj oilalarning voyaga yetmagan farzandlari.
Yuklatilgan vazifalarni faol va vijdonan bajargan hamda ijobiy natijalarga erishgan jamoat tarbiyachilari BHMhning 5 baravarigacha (1 mln 225 ming so‘mgacha) miqdorda bitta voyaga yetmagan shaxs uchun bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsga jamoat tarbiyachisi 3 oygacha muddatga tayinlanadi. Ushbu muddat Komissiya tomonidan jamoat tarbiyachisining hisobotini eshitish natijalariga ko‘ra, bir marotaba ko‘pi bilan uch oygacha uzaytirilishi mumkin.