TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Tojikiston ikki mamlakatning shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovini qayta tiklash istiqbollarini muhokama qildi.
Gap Toshkent, Samarqand, Termiz, Dushanbe, Xo‘jand, Panjakent va boshqa yirik shaharlar haqida bormoqda.
Dushanbe shahrida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Tomonlar kutilayotgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida imzolanishi rejalashtirilgan ikki tomonlama hujjatlar va hukumatlararo bitimlarni ishlab chiqishning borishini muhokama qildi.
Madaniy-gumanitar sohada faol hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, madaniyat, san’at, fan arboblari, shuningdek, ikki mamlakat yoshlarining O‘zbekiston va Tojikiston hududlariga o‘zaro safarlarini tashkil etishga kelishib olindi.
“Ipak yo‘li” sayyohlik brendini ilgari surish va “ziyorat – turizm”ni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.