TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi xalqaro aeroportida samolyot o‘t olmagani va yo‘lovchilar bir yarim soat samolyot ichida issiqda qolib ketgani haqidagi video tarqaldi. Yo‘lovchilar konditsioner ishlamaganidan ham shikoyat qilishgan.
Mazkur holat yuzasidan Transport vazirligi munosat bildirdi. Aniqlik kiritilishicha, 5-iyun kuni Rossiyaning “Royal Flight” aviakompaniyasi ABG-2604 Qarshi – Domodedovo reysini amalga oshirishi lozim edi. Shu kuni soat 13:32 da Boeing-767-300 samolyoti Qarshi xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan. Aeroport samolyot va yo‘lovchilarga barcha texnik va servis xizmatlarini ko‘rsatgan.
“Biroq respublikada kuzatilayotgan issiq tufayli samolyotning asosiy va qo‘shimcha dvigatellari qo‘shilmay qoldi. Samolyot kompyuteri parametrlarini qayta terish va bir necha bor dvigatellarni qo‘shishga qayta urinishlar ham issiqning haddan ziyod kuchayishi oqibatida samara bermadi. Asosiy va qo‘shimcha dvigatellarni ishga tushirish imkoni bo‘lmagach, tabiiyki, samolyotning konditsioner tizimi ham ishlamadi”, - deyilgan xabarda.
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi qoidalariga ko‘ra, yo‘lovchilar samolyotga chiqarilib, havo kemasi eshiklari yopilgach, yo‘lovchilar xavfsizligi bo‘yicha barcha qarorlar samolyot ekipaji komandiri tomonidan qabul qilinadi.
Ekipaj komandiri yo‘lovchilarni tushirish haqida qaror qabul qilgach, yo‘lovchilar samolyotdan zudlik bilan tushirilgan va Qarshi xalqaro aeroportida yo‘lovchilarga barcha zaruriy sharoitlar yaratib berilgan.
Samolyot 6-iyun kuni tonggi soat 04:54 da ((aslida jo‘nash 5-iyun kuni soat 15:30 ga rejalashtirilgan edi) belgilangan manzilga jo‘nab ketgan va 329 nafar yo‘lovchi Domodedovo aeroportiga sog‘-salomat eltib qo‘yilgan.