TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. 2022-yildan boshlab sobiq SSSR mamlakatlaridan bo‘lgan 500 nafar chet ellik talaba ular xarajatlarini sezilarli qoplab beradigan grantlarga da’vogarlik qilishlari mumkin. Gap Rossiya OTMlarida bepul ta’lim olish uchun Rossiya hukumati kvotasini qo‘lga kiritgan fuqarolar haqida bormoqda.
Rossiya Ta’lim vazirligi qarorining loyihasi e’lon qilingan va jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmoqda.
Grant qaysi xarajatlarni qoplab beradi:
oraliq imtihonlar muvaffaqiyatli topshirilgan taqdirda har yili o‘z mamlakatidan o‘qish joyiga qilingan safar. Talaba chegarani kesib o‘tganlik tasdiqlovchi hujjat va samolyot, poyezd yoki boshqa transportga olingan chiptani taqdim etishi kifoya;
qo‘shimcha tibbiy sug‘urta polisi to‘lovi;
oliygoh yotoqxonasida yashash;
qo‘shimcha har oylik stipendiya (institutnikidan tashqari). To‘lov talaba tahsil olayotgan Rossiya hududining tirikchilik uchun zarur eng kam miqdoriga teng bo‘ladi. Masalan, Moskvada u 18 029, Voronejda 9 689, Novosibirskda esa 12 785 rublni tashkil etadi.
To‘lovlar bevosita xorijlikning fanlarni o‘zlashtirishiga bog‘liq bo‘ladi. Bitta yoki undan ortiq o‘quv fanlaridan "qoniqarsiz" yoki “qoniqarli” baho olgan talaba ayrim to‘lovlardan mahrum bo‘lishi mumkin.
Grantni qanday olish mumkin
Grantlar MDH, Boltiq mamlakatlari, Gruziya, Abxaziya va Janubiy Osetiya fuqarolariga beriladi. Rossiya budjetidan mablag‘ bakalavriat, spetsialitet va magistratura dasturlariga ajratiladi.
Joriy yilda maktab o‘quvchilari yoki magistlar uchun olimpiada (Rossiyaning tegishli idoralari tomonidan ma’qullangan) g‘olibi yoki sovrindori bo‘lish zarur.
Yana bir mezon – tahsilni qo‘shicha kurslarsiz boshlash uchun rus tilini yaxshi bilish.
Rossiya hukumatining joriy yilda Rossiya oliygohlarida tahsil olish uchun kvotasi 18 ming kishini tashkil etadi. 2022-yilda u 23 mingta bo‘ladi, 2023-yildan esa 30 ming abituriyentlarni qamrab oladi.
Xorijlik talabalar uchun grant tizimini joriy etish g‘oyasini avvalroq Rossotrudnichestvo rahbari Yevgeniy Primakov bildirgan edi.