TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Xalqaro ekspeditsiya 2021-yil apreldan maygacha bo‘lgan davrda Qoraqalpog‘iston tarixiy va madaniy merosi obyektlari salohiyati hamda qiymatini baholadi va ularni ro‘yxatlarga kiritish strategiyasini ishlab chiqdi. Bu haqda YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy komissiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Ekspeditsiya YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya, Qoraqalpog‘iston Madaniyat vazirligi, shuningdek, viloyat hokimliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borgan xalqaro ekspertlar guruhi tarkibiga arxeologiya, arxitektura, madaniyat hamda yodgorliklar tarixi va hujjatlari sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar kiritildi. Ekspeditsiya Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti homiyligida va London Universitet kolleji ko‘magida "Markaziy Osiyo arxeologik landshaftlari" loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumotlarni yig‘ish uchun mutaxassislar uchta uchuvchisiz uchish vositasidan foydalanilgan. To‘rt ixtisoslashgan guruh 8 000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Tadqiqotlar natijasida viloyatning 53 ta yodgorligi haqida materiallar, 67 000 dan ortiq aerosuratlar va 144 ta videofilmlar olindi. To‘liq tadqiqot 5 000 gektardan ortiq maydonni qamrab oldi.
Ta’kidlanishicha, tadqiqot natijalari batafsil aerosuratlar va har bir yodgorlikning uch o‘lchovli modelidan iborat bo‘ladi hamda uning asosida tabiiy, me’moriy, infratuzilma, maishiy va boshqa elementlar aniqlanadi.
“Keng miqyosli tadqiqotlar asosida xalqaro ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston tarixi va madaniyati noyob obyektlarini saqlash bo‘yicha global strategiyani va ularni YuNESKOning nufuzli xalqaro ro‘yxatiga kiritish dasturini shakllantirishga imkon beradi”, - deyilgan xabarda.