O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi: u bilan kimlar taqdirlanadi

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari o‘rtasida millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shganlar taqdirlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Hukumat qarori bilan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Qarorga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari o‘rtasida millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy soha va OAV vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadi.
“Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni
Shuningdek, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘z tashabbusiga asosan xorijlik hamkorlari, chet eldagi turdosh tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillarini millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun ko‘krak nishoni bilan taqdirlashi mumkin.
Taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari (980 ming so‘m) miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.