O‘zbekiston va Qozog‘iston shaharlari o‘rtasida parvozlar soni ko‘paytirilmoqda

Turkiston – Toshkent – Turkiston yo‘nalishida haftasiga 2 marotaba qatnov bajariladi
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston Aviatsiya ma’muriyatlarining joriy yil may oyidagi kelishuviga muvofiq ikki davlat o‘rtasida yangi muntazam aviaqatnovlar tashkil etildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Jumladan, Samarqand – Olmaota va Turkiston – Toshkent muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand – Olmaota – Samarqand yo‘nalishida “Uzbekistan Airways” va “Air Astana” aviakompaniyalarining har biri tomonidan haftasiga 2 marotabadan qatnov amalga oshiriladi.
Turkiston – Toshkent – Turkiston yo‘nalishida “Air Astana” aviakompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Fly Arystan” aviakompaniyasi tomonidan haftasiga 2 marotaba qatnov bajariladi.
Ikki davlat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar tiklangandan buyon sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iy rioya qilgan holda “Uzbekistan Airways” va “Air Astana” aviakompaniyalarining har biri tomonidan Toshkent – Olmaota yo‘nalishida haftasiga 7 marotabadan, Toshkent – Nur-Sulton yo‘nalishida esa haftasiga 3 marotabadan muntazam yo‘lovchi qatnovlarini amalga oshirmoqda.
Uzbekistan Airways qo‘shni respublikaga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi
Shuningdek, “Uzbekistan Airways” va "SCAT Airlines" aviakompaniyalarining har biri tomonidan "Urganch – Aqtau – Urganch" (haftasiga 2-marta) yo‘nalishida hamda "SCAT Airlines" aviakompaniyasi tomonidan "Aqtau – Nukus – Aqtau" (haftasiga 1-marta) yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.