TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm, shahar infratuzilmasi va sanoat sohalaridagi loyihalar borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Davlat rahbari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, taqdim etilgan loyihalardan biri Toshkent xalqaro aeroportidan shahar markaziga o‘tishdagi ko‘prikni kengaytirishga qaratilgan. Hozirgi yo‘l o‘tkazgich 1967-yilda qurilgan.
Ta’kidlanishicha, poytaxt rivojlanishi va transportlar soni oshishi bilan uni rekonstruksiya qilish ehtiyoji paydo bo‘lgan.
“Shu bois ushbu ko‘prikning Kichik halqa yo‘li bilan kesishgan joyida aylanma shaklidagi yo‘l o‘tkazgich qurish rejalashtirilgan. Uning uzunligi 650, eni 30 metr bo‘lishi mo‘ljallangan”, - deyilgan xabarda.
Ko‘prik loyihasi
© "O‘zbekiston 24" telekanali efiridan kadr
Bu muhandislik yechimi avtotransportlarning ko‘prikka chiqishi va tushishini osonlashtirishi kutilmoqda. Bu yerdagi qulaylik yaqin atrofdagi ko‘chalarga ham ta’sir qilib, tirbandlik kamayishiga xizmat qilishi urg‘ulangan.