Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari 3 oylik maoshini davlatga qaytarib beradi

Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. Qashqadaryo viloyat hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev tashkiliy masalaga e’tibor qilmagani uchun 3 oylik ish haqini davlatga qaytaradi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat hokimligida maktabgacha ta’lim boshqarmasi faoliyatiga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilishda ma’lum qilindi.
"Nasafnews" nashrining yozishicha, Rustam Yo‘ldoshev viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilish haqida ayrim tumanlarga xabar bermagan.
“Tashkiliy masalaga e’tibor qilmagani uchun Rustam Yo‘ldoshev 3 oylik ish haqini davlatga qaytarib to‘laydi. Uning kotibiyat mudiriga esa hayfsan e’lon qilindi”, - deyilgan xabarda.
Viloyat hokimligi xabariga ko‘ra, yig‘ilishda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev barcha tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbarlarini vazifasidan ozod etib, 3 oylik sinov muddatida vazifasini bajaruvchi etib tayinlash taklifini o‘rtaga tashlagan.
Prezident yoshlar bilan ishlashni eplay olmagan qator mansabdorlarni ishdan bo‘shatdi
Qayd etilishicha, viloyatda 1694 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bor. Bugungi kunda viloyatda maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonini ko‘paytirish orqali ularda bola qamrovini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanishni yo‘lga quyish ishlari bir necha bor ogohlantirishlarga qaramasdan o‘z samarasini bermayapti.
2019 yilda 248 mln so‘m talon-taroj qilinib, 21 mln. so‘m noto‘g‘ri xarajat qilingan. 2020-yilda 326 mln so‘m talon-taroj qilinib, 120 mln so‘m noto‘g‘ri sarf qilingan, 2021-yilning birinchi choragida esa 412 mln. so‘m talon-taroj qilinib, 205 mln so‘m budjet mablag‘lari noto‘g‘ri sarf qilingan.