TOShKENT, 31-may — Sputnik. Hafta davomida O‘zbekiston hududida asosan quruq va juda issiq ob-havo bo‘lishi davom etadi, deb xabar qilmoqda O‘zgidromet.
Faqat respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ayrim kunlarda, asosan kechga yaqin va Toshkent viloyatida 1-iyun kuni kechki payt momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Ish haftasi davomida ko‘pgina viloyatlarda havo harorati kechalari 22—25 daraja iliqni, kunduz kunlari 37—39 daraja issiqni, janubda va cho‘l hududlarida 38—43 daraja issiqni tashkil etadi.
Haroratning bunday yuqori qiymatlari absolyut maksimum qiymatlarga yaqinlashadi, ayrim tumanlarda undan yuqori bo‘ladi.
31 may va 1-2 iyun kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.