Milliy jamoaning Saudiya Arabistoniga yo‘l oladigan tarkibi e’lon qilindi

Vadim Abramov Saudiya Arabistonida o‘tadigan markazlashgan saralash bahslari uchun yakuniy tarkibni e’lon qildi
Sputnik
TOShKENT, 27-may — Sputnik. O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov Saudiya Arabistonida o‘tadigan markazlashgan saralash bahslari uchun yakuniy tarkibni e’lon qildi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, milliy jamoasi iyun oyida bo‘lib o‘tadigan muhim uchrashuvlar oldidan Toshkentda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunlagan.
Jamoa 28-may kuni Birlashgan Arab Amirliklariga yo‘l oladi. Qisqa muddatli tayyorgarlik rejasiga ko‘ra, futbolchilar Dubay shahrida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
Avstraliya jamoasi tarkibidagi bir necha futbolchi jarohat olganligi sababli Avstraliya tomoni 29-may kungi O‘zbekistonga qarshi bahsda maydonga tusha olmasligini ma’lum qildi. Shu sababli, milliy jamoa 30-may sanasida Tailand vakillariga qarshi to‘p suradi va 1-iyun kuni Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketadi.
Bosh murabbiy Vadim Abramov Saudiya Arabistonida o‘tadigan JCh-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo‘shma saralash bosqichidagi hal qiluvchi uchrashuvlar uchun 28 nafar futbolchini jalb etgan.
O‘zbekiston milliy jamoasining Saudiya Arabistoniga yo‘l oladigan tarkibi
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Singapur (7 iyun), Yaman (11 iyun) va Saudiya Arabistoniga (15 iyun) qarshi maydonga tushadi.