TOShKENT, 26-may — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya hamkorligida suratga olinayotgan “Quyosh lazzati” (“Solnse na vkus”) filmi Netflix platformasida paydo bo‘lishi mumkin. Hozirda bu borada faol muzokaralar olib borilmoqda.
“Filmni suratga olayotgan “Sputnik Vostok prodakshn” kinokompaniyasi so‘nggi yillar dunyodagi yirik striming xizmati Netflix bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Hozirda “Quyosh lazzati” kartinasini ham Netflix platformasida taqdim etish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti”, - deyilgan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi xabarida.
Hozir “Quyosh lazzati” filmi Toshkentda suratga olinmoqda. Avvalroq Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham suratga olish ishlari bo‘lib o‘tgandi. Kinokartina 2021-yilning kuz mavsumida premyera qilinishi rejalashtirilgan.
Postanovkachi rejissor Eldar Salavatov, rassom Yuriy Fomenko, produserlar Aleksandr Kessel va Firdavs Abduxoliqov, rejissor Tatyana Sulyayeva. Ssenariy esa rossiyalik taniqli ssenarist Oleg Malovichkoga tegishli.
Sarguzasht, fentezi janridagi filmda O‘zbekistonga sayohati davomida sarguzashtlar ummoniga tushib qolgan oddiy moskvalik oila haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, Buxoro amiri xazinasini izlash, uni ta’qib qilish, do‘stlik mavzusi, oilaviy mojarolar tasvirlanadi.
Filmda o‘zbek va rus yulduzlari ham ishtirok etishadi: Andrey Merzlikin, Aleksandr Ilin, Muhammadiso Abdulxairov va boshqalar.
Xorijiy studiya va agentlik o‘rtasidagi kelishuvga asosan filmning dunyo prokatidan tushgan foydaning 25 foizlik ulushi Kinematografiya agentligiga tegishli va O‘zbekistonda namoyish etish bo‘yicha barcha huquqlardan foydalanadi.