Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarani vaqtincha yopdi

Tegishli qaror 21-may kuni Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi tomonidan qabul qilingan.
Sputnik
TOShKENT, 25-may — Sputnik. Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarada vaqtinchalik cheklov joriy etdi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston mamlakat chegara xizmati matbuot xizmatiga tayangan holda xabar qilmoqda.
Qaror 21-may kuni Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi tomonidan qabul qilingan. Tojikiston fuqarolariga kirish, respublika hududida bo‘lish va harakat qilish, jumladan, tranzit orqali kelish taqiqlanadi.
“Bordobo — avtoyo‘li”, “Qayrag‘och — avtoyo‘li”, “Karamik — avtoyo‘li”, "Kulundu — avtoyo‘li” va “Qizilbel — avtoyo‘li” nazorat o‘tkazish punktlari orqali tovar va transport vositalari o‘tishi cheklangan.
Putin Japarov bilan tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi
Qirg‘iziston hukumati Tojikistondan mamlakatga diplomatik vakolatxona xodimlari va ularning oila a’zolariga hamda Qirg‘iziston va Tojikiston rasmiylariga oldinroq xabar qilgan taqdirda ruxsat bergan. Bundan tashqari, hozirda Qirg‘izistonda bo‘lib turgan Tojikiston fuqarolari uylariga qaytishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, aprel oxirida Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida chegara yaqinida mojaro ro‘y bergan edi. Unda har ikki tomondan harbiylar ham ishtirok etgan. To‘qnashuvlar oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi, yuzlab kishilar jarohatlandi, yana minglab kishilar evakuatsiya qilindi.