TOShKENT, 25-may —Sputnik. O‘zbekiston Moliya vazirligi 2020-yilgi Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risida batafsil hisobotni taqdim etdi. Unda O‘zbekistonning eng yirik 20ta soliq to‘lovchi kompaniyalari nomlari aytib o‘tilgan.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston Davlat budjetining deyarli yarmi (47,6%) – 20 ta yirik soliq to‘lovchilar tomonidan bajarilgan.
Eng yirik soliq to‘lovchisi - “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” bo‘lib jami soliqlarning 23,1% ushbu korxona hisobidan to‘ldirilgan.
Ikkinchi o‘rinda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” – budjetning 7,4 % soliqlarini to‘lagan.
Keyingi o‘rinlarda “O‘zbekneftgaz” AJ – 4,5 %, “O‘ztransgaz” AJ – 3%, Uzauto motors AJ – 1,5 %, “Uzbat” AJ – 1,4 %, “O‘zbekgidroenergo” AJ – 1,3 %, Lukoil – 1 % va boshqalar.
Xarajatlar tarkibida 51,5 % mablag‘ ijtimoiy sohaga sarflandi. Bu yerda, odatdagidek, birinchi o‘rinda ta’lim sohasi bo‘ldi. Ushbu sohaga deyarli 30 trillion so‘m sarflangan. Ushbu mablag‘ning asosiy qismi – 73% umumta’lim sohasiga sarflandi. 16,3 % – maktabgacha ta’lim va 10,7 % - kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Ijtimoiy xarajatlarning ikkinchi yirik bo‘limi – Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘lib, ushbu sohaga 19,3 trillion so‘m sarflangan.
Keyingi o‘rinlarda – Nafaqa va moddiy yordam (8,1 trln.), madaniyat va sport (2,36 trln.) hamda aholi bandligini oshirish (1,3 trln) sohalari tashkil qilgan.