TOShKENT, 25-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya bilan ikki mamlakat IIVlari o‘rtasida elektron shaklda o‘zaro axborot almashish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida ichki ishlar organlarining vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha axborot hamkorligi va elektron shaklda o‘zaro axborot almashish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlansin”, - deyilgan hujjat matnida.
Bitim 2020-yil 15-dekabrda Toshkent va Moskva shaharlarida imzolangan.
Tomonlar o‘rtasida munosabatlarda amal qiladigan xalqaro shartnomalar doirasida elektron shaklda o‘zaro axborot hamkorligini tashkil etish uning predmeti hisoblanadi. Ularni amalga oshirish uchun vakolatli organlar etib tomonlar davlatlarining Ichki ishlar vazirliklari belgilandi. Bitim doirasida davlat sirini tashkil etadigan axborot almashilmaydi.
Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekiston tomonidan mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi to‘g‘risida Rossiya tomoniga tegishli bildirishnoma yo‘llash vazifasi topshirilgan.