TOShKENT, 24-may — Sputnik. Toshkent shahri Chilonzor tumanida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
YTH 24-may kuni taxminan soat 04:45 larda Bunyodkor ko‘chasida (“Uztelekom” binosi qarshisida) ro‘y bergan. 36 yoshli “Spark” haydovchisi F.Yu. harakatlanib ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada qarama-qarshi yo‘nalishni ajratib turuvchi to‘singa borib urilgan.
Haydovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan va u yerda vafot etgan.
Hozirda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.