O‘zbekistonlik migrantlar Rossiyada temir yo‘l qurilishiga jalb qilinadi

“Rossiya temir yo‘llari” OAJ va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida tegishli memorandum imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 20-may — Sputnik. Rossiya hududida temir yo‘l infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun o‘zbekistonlik mehnat migrantlari jalb qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Toshkentda “Rossiya temir yo‘llari” OAJ boshqaruvi raisi, bosh direktori Oleg Belozorov bilan hamkorlikning istiqbollarini muhokama qilgan.
“Rossiya delegatsiyasi rahbari Rossiya hududida temir yo‘l infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun O‘zbekistondan malakali kadrlarni jalb etishni nazarda tutib, mehnat migratsiyasi sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari haqida fikr yuritdi”, - deyilgan xabarda.
Uchrashuv yakunida “Rossiya temir yo‘llari” OAJ va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida tegishli memorandum imzolandi.
Shuningdek, epidemiologik vaziyat o‘z iziga tushishi bilan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam yo‘lovchi temir yo‘l qatnovini bosqichma-bosqich qayta tiklashga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida ham kelishuvga erishildi.
Rossiyaga 187 nafar o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi ishlarida ishlash uchun jo‘nab ketdi