TOShKENT, 20-may — Sputnik. Rossiya Tashqi razvedka xizmati (TRX) ixtiyorida bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, AQSh Afg‘onistondan olib chiqilayotgan armiyasini qo‘shni mamlakatlarda joylashtirishni niyat qilgan. Bu haqida TRX rahbari Sergey Narishkin ma’lum qildi.
Biroz oldin AQShning The Wall Street Journal nashri AQSh Afg‘onistondan olib chiqilayotgan qo‘shinlarini O‘zbekiston va Tojikistonda joylashtirishi mumkin deb xabar qilgan edi. Lekin hozircha bu haqida shartnomaga erishilgani yo‘q.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ushbu xabarga javoban “O‘zbekiston hududida xorijiy harbiy bazalar joylashtirilishi mumkin emas” deb bayonot bergan edi.
Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari jurnalistlarga ma’lum qilishiga ko‘ra, AQSh hukumati Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqsada, ushbu hudud ustida nazoratni saqlab qolishni istaydi. Shu sayubabli ham o‘z armiyasining hech bo‘lmasa bir qismini qo‘shni respublikalar hududida joylashtirish niyati bor, dedi.
“Biz ana shunday harakatlar bo‘layotganini va ular davom etishini tushungan holda KXShT a’zolari va ittifoqdoshlarimiz bunga rozi bo‘lmaydi deb umid qilamiz”, - dedi Narishkin.
Eslatib o‘tamiz, 2001 – 2005-yillarda AQSh Qarshi shahri yaqinidagi “Xonobod” harbiy aerodromidan foydalangan edi. 2005-yilda Toshkent AQShdan harbiylarni olib chiqib ketishni talab qilgan edi.