TOShKENT, 20-may – Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasining Moskvaga tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi Toshkentda 2020-yilda ochilgan, o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan, yodgorlik majmuasining mazmuni va mohiyatiga bag‘ishlangan.
Taqdimotni delegatsiya rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov olib bordi. Taqdimot “Rossotrudnichestvo” tashkiloti rahbari Yevgeniy Primakov bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Taqdimotda Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi Mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vladimir Shamanov, fazogir – Rossiya Qahramoni Solijon Sharipov, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Vladimir Churov, taniqli rossiyalik yozuvchi Fedor Razzakov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Botir Asadov va boshqalar ishtirok etdi.