TOShKENT, 19-may — Sputnik. Rossiyada 18-yil bedarak yo‘qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, asli Toshkent shahridan bo‘lgan fuqaro P.K. 2003-yilda Rossiyaga ishlash maqsadida ketadi. Ma’lum bir vaqtdan keyin salomatligi yomonlashib, insult bo‘lishi natijasida yaqinlari bilan aloqasi uziladi.
Oradan 18-yil o‘tib, fuqaro Samara shahridan topilgan. Uning shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz, ishsiz, boshpanasiz ko‘chada yashab yurganligi aniqlangan.
Shuningdek, yana bir surxondaryolik I.T. Samara shahrida sog‘ligi yomonlashib, mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolgani va pasportining yo‘qolishi natijasida murakkab vaziyatga tushib qolgani haqida murojaat qilgan.
Ushbu fuqarolarga mamlakatning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib, Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda Qozon-Toshkent aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytarildi.