TOShKENT, 19-may - Sputnik. O‘zbekiston prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish tashabbusi BMTda yakdillik bilan qabul qilindi, deb xabar qilmoqda TIV.
2021-yilning 18-may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan "Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi" deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi, - deyilgan xabarda.
BMT maxsus rezolyutsiyasi quyidagilardan iborat:
Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qiladi;
bundan buyon ham Orolbo‘yi mintaqasi tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni saqlash va aholi hayot sifatini oshirish manfaatlari yo‘lidagi ilmiy-tadqiqot maslahatlashuv faoliyatini rag‘batlantiradi;
Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish muhimligini ta’kidlaydi;
barcha manfaatdor tomonlarni qo‘shma fanlararo tadqiqotlar o‘tkazishga, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga, inklyuziv va ekologik barqaror iqtisodiy o‘sishga hamda energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llashga turtki berishga chaqiradi.
Ma’lumot uchun, Orolbo‘yi mintaqasi - Bosh Assambleya tomonidan “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” singari yuqori maqom taqdim etilgan ilk mintaqa bo‘ldi.