TOShKENT, 19-may — Sputnik. “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:
- 2021-yil yakuniga qadar Paralimpiya qo‘mitasi huzurida paralimpiya sport turlari bo‘yicha klublar;
- paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar va uslubchi-yo‘riqchilar, ko‘zi ojizlar, kar va zaif eshituvchilar, amputantlar bilan ishlovchi mutaxassislar (surdo, tiflo-surdo va xalqaro-surdo tarjimonlari) hamda boshqa kadrlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Paralimpiya fakulteti;
- Paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti.
2021/2022 o‘quv yilidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, uning Nukus va Farg‘ona filiallari hamda boshqa tegishli OTMlarda “Paralimpiya” kafedrasi, shuningdek, “Adaptiv sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport” magistratura mutaxassisligi ochiladi.
2022 yil 1-yanvardan:
Paralimpiya qo‘mitasi tavsiyasiga asosan olimpiya zaxiralari kollejlarining paralimpiya sport turlari bo‘limlariga yuborilayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun 5 foizgacha qo‘shimcha kvotalar ajratiladi;
davlat sport ta’lim muassasalarida paralimpiya sport turlari bo‘yicha trenerlarning lavozim maoshini hisoblashda bazaviy tarif stavkalari bir yarim baravar miqdorda qo‘llaniladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida Paralimpiya qo‘mitasi huzurida Paralimpiya sport markazlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoniga oid taqdimot bilan tanishib, tayyorgarlik holatini tanqid qilib, uni qoniqarsiz deb baholagan edi.