Mirziyoyev “RJD” rahbari bilan Trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti “Rossiyskie jeleznie dorogi” kompaniyasi bosh direktorini qabul qildi.
Sputnik
TOShKENT, 19-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni “Rossiyskie jeleznie dorogi” kompaniyasi (“RJD” OAJ) bosh direktori – boshqaruvi raisi Oleg Belozorovni qabul qildi.
Temir yo‘l aloqalari sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari hamda butun mintaqaning tranzit salohiyatini samarali ishga solishga qaratilgan muhim infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari Rossiya va O‘zbekiston temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida, shu jumladan xalqaro tarmoq tuzilmalari doirasida an’anaviy yaqin va sermahsul ishbilarmonlik aloqalari qaror topganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Prezident Uzbekistana prinyal gendirektora "Rossiyskix jeleznix dorog"
Pandemiya sharoitida, keng rivojlangan va o‘zaro integratsiyalashgan transport kommunikatsiyalari, eng avvalo temir yo‘llar koronavirus oqibatlariga muvaffaqiyatli qarshi kurashish hamda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning jadal sur’atini saqlab qolishga xizmat qilgani ta’kidlandi.
Amaliy sheriklikni kengaytirish, jumladan, mamlakatda temir yo‘llar tizimini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish, yuk tashishlar hajmini ko‘paytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, yo‘lovchi poyezdlarining qatnovini qayta tiklash va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish loyihasini birgalikda ilgari surish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Loyihani har tomonlama tayyorlash, shu jumladan texnik hujjatlarni ishlab chiqish va qurilishni tez fursatda boshlashga qaratilgan ishlarda ishtirok etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
“RJD” rahbari Oleg Belozorov tarmoq kompaniyalari temir yo‘llar sohasidagi sheriklikning ustuvor vazifalarni amalga oshirishda keng ko‘lamda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.