Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari mahalla raisini haqoratlab, kuch ishlatdi

Baxtiyor Rahmonov Toshkent viloyatidagi mahallalardan birining raisini haqorat qilib, unga nisbatan kuch ishlatdi.
Sputnik
TOShKENT, 18-may — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi mahallalardan birining raisini haqorat qilgani va jismoniy kuch ishlagani haqida xabarlar tarqaldi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati bu holat haqiqatdan ham ro‘y berganini tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, Rahmonov bu xatti-harakatlarni "Usta Normat" mahallasi raisi Alisher Ikromovga nisbatan sodir etgan.
Vazirlik voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Alisher Ikromov bilan bog‘lanib, dastlabki ma’lumotlarni olgan.
Uning ma’lum qilishiga ko‘ra, 9-may kuni hokim o‘rinbosari uni yuqorida ko‘rsatilgan mahalla hududida joylashgan otasining uyiga chaqirgan.
Rahmonov mahalla raisini bu yerda turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan, hatto unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Bunga Ikromovning xizmat vazifasiga aloqador bo‘lmagan, umuman boshqa bir masalaning bajarilmaganligi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Ayni vaqtda mazkur holat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri nazoratiga olingan hamda vazirlik Ishchi guruhi tomonidan voqea tafsilotlari batafsil o‘rganilmoqda.
Baxtiyor Rahmonov shu yil yanvar oyida Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi. Bungacha u Olmazor, undan oldinroq esa Sergeli hokimi bo‘lgan. 2011−2016 yillarda u poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan.