TOShKENT, 18-may - Sputnik. O‘zbekistonga ZF-UZ-VAC2001 - xitoy-o‘zbek vaksinasining uchinchi partiyasi olib kelindi, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
"Hozirgina yurtimizga Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi Xitoydan olib kelindi", - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining birinchi millioni 27-mart kuni ikkinchi millioni esa 27-aprel kuni olib kelingan edi.
Undan tashqari mart oyida 660 ming doza AstraZeneca hamda aprel oyida 100 ming doza Sputnik vaksinalari olib kelingan edi.
Shunday qilib, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 3 million 760 ming dozaga yetmoqda. Ayni paytgacha foydalanilgan 1 million 346 ming dozadan ortiq vaksinaning 62 foizi, ya’ni 842 ming dozadan ortig‘ini ZF-UZ-VAC2001 tashkil qilmoqda.
O‘zbek-xitoy vaksinasining ikkinchi bosqichi bilan emlanganlar soni 91 ming nafardan ortiq, deyilgan xabarda.