Ma’lumki, pandemiya tufayli butun dunyoda turizm sohasi 70%ga susayib ketgan.
O‘zbekistonda ham mehmonxonalar, turistik kompaniya va muzeylar faoliyati deyarli to‘xtab qolgan, desa ham bo‘ladi. Bunday holatda faqat ichki turizm vaziyatni qutqarishi mumkin.
Bugun, Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan biz o‘zbekistonliklar diqqatini xorijiy turistlar orasida juda ommaviy bo‘lgan (pandemiyadan oldin), biroq mahalliy aholi kam qiziqadigan muzeylarga qaratishni ma’qul ko‘rdik. Maqolani yozishda turistik kompaniyalar hamda tajribali gidlar maslahatlaridan foydalandik.
Mo‘ynoq ekologiya muzeyi
Ushbu muzey dastlab o‘lkashunoslik muzeyi sifatida 1984-yilda tashkil etilgan. O‘sha vaqtlarda Mo‘ynoq Orol dengizi qirg‘og‘ida joylashgan port shahar bo‘lgan. Aholi asosan baliqchilik bilan shug‘ullangan. Mo‘ynoqda ko‘plab baliqchi kemalar, yuqori sifatli baliq konservalar ishlab chiqaruvchi korxonalar bo‘lgan. Muzey eksponatlarida ana shu davr to‘liq aks ettirilgan.
Shuningdek, ushbu muzeyda qoraqalpoq xalqining ana’anaviy turmush tarzi, amaliy san’atiga bag‘ishlangan bo‘lim ham bor.
Muzey eksponatlarini 1960-yillarda Mo‘ynoqda yashab ijod qilgan rassomlar R.T.Matevosanning Orol dengiziga bag‘ishlangan kartinalari to‘ldirib turadi.
O‘z vaqtida “Dengiz ketdi”, “Qumdagi kemalar”, “Qumli prichal”, “Abadiy bog‘langan”, “Sayozlikda”, “Umid” kabi kartinalari butun dunyo e’tiborini Orod dengizi qurishi muammosiga qaratishga ulkan hissa qo‘shgan edi. Bugun esa ular dengizni umrida ko‘rmagan yoshlarga o‘tgan davr mazaralarini ko‘z oldiga olib keladi.
Ushbu eksponatlar bugun Mo‘ynoq ekologiya muzeyida saqlanmoqda.
Mo‘ynoq shahri yaqinida, “kemalar qabristoni” yonida alohida binoda joylashgan “Orol dengizi tarixi muzeyi” ham bor.
Termiz Arxeologiya muzeyi
Termiz – O‘rta Osiyoning eng qadimiy madaniyat markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda Yunon-Baqtriya askarlari qal’a qurgan, Kushon davrida gullab yashnagan shahar bo‘lgan. Termizda Kushon davriga mansub Ayritom buddoyilar ibodatxonasi qoldiqlari topilgan.
Termiz tarixi juda qadim o‘tmish – eramizdan oldingi 2-3 asrlar va eramizning boshidagi 1-2 asrlarga mansub bo‘lgani tufayli, tarixiy yodgorliklarnig aksariyati – arxeologik topilmalar ko‘rinishida topilgan.
Bugungi kunda ushbu muzeyda 27 000 dan ortiq eksponatlar bor. Ular orasida antik haykaltaroshlik namunalari, qurollar, idishlar, turli davrlarga mansub tangalar, buddoyi haykalchalar, tasvirlar bor. Ularning aksariyati yagona va takrorlanmasdir.
Ma’lumot uchun, Yaponiyalik taniqli tarixchi olimlar ushbu muzeyda yillab tadqiqotlar olib borishgan muhim kashfiyotlar qilishgan.
Muzeyda eksponatlar ellinizm va Baqtriya, tosh va bronza asri, Kushon madaniyati davri, O‘rta asrlar davri, Tohariston davri, Xonlar davri (Chingiziy va Temuriylar), Amaliy san’at va numizmatika bo‘limi kabi yirik bo‘limlardan iborat. Termiz Arxeologiya muzeyi – Markaziy Osiyoda muqobili yo‘q muzeydir.
Fayzulla Xo‘jayevning uy muzeyi – Buxoro
Fayzulla Xo‘jayev 19-asr oxiri 20-asr boshida Buxoroda yashagan badavlat savdogarlar oilasidan bo‘lgan. U o‘z vaqtida imkoni bo‘lgan darajada chuqur ta’lim olgan. Keyinchalik F.Xo‘jayev jadidchilar harakatiga qo‘shilgan va buxoroda yosh buxorliklar harakatini tashkil qilgan va Buxoro amirligini tugatilishiga yordam bergan. 1924-yilda Buxoro Sovet respublikasiga keyinchalik O‘zbekiston SSR xalq komissariatining birinchi kotibi bo‘lgan.
1937 yilda Akmal Ikromov va yana 25 nafar Sovet Ittifoqining yetakchi rahbarlari bilan Moskva viloyatidagi Kommunarka posolkasida vatan xoinligida ayblab, otib tashlangan. Keyinroq ularga “Troskistlar” deb nom berilgan. 1965-yilda barcha ayblovlar olib tashlanib Stalin davri qurboni deb tan olingan.
Buxoroning qadimiy G‘oziyon mahallasida joylashgan Fayzulla Xo‘jayevning uy muzeyi birinchi navbatda 19-asr oxiriga mansub Buxoro arxitektura namunasi sifatida qiziq. Badavlat savdogarning uyi katta shahar markazida ancha yirik hududni egallagan bo‘lib, u tashqi (erkaklar va mehmonlar uchun) va ichki (ayollar va bolalar uchun) hovlilardan iborat.
Fayzulla Xo‘jayev uy muzeyining tashqi devorlari, ayvonlari takrorlanmas milliy naqshlar, yog‘och o‘ymakorlik namunalari bilan bezatilgan. Uyning ichida o‘sha zamon mebellari, idish-tovoqlari to‘liq tiklangan. Hovlida oshxona, mehmonxona va boshqa xonalar ham asl holida ko‘rsatilgan. Ushbu ko‘rgazmaga qarab 19-asrda Buxoroning badavlat oilasi turmush tarzini o‘rganish mumkin.
“Afrosiyob” muzeyi – Samarqandning siz bilmagan tarixi
Ba’zan shaharda saqlanib qolgan tarixiy yodgorliklar shunchalik ulug‘vor bo‘ladiki, ularning oldida arxeologik qazilmalar qandaydir kamtarin, go‘yoki unchalik muhim emasdek tuyuladi. Aslida tarixiy nuqtayi nazardan ularning ahamiyati ulkan.
Samarqand tarixi muzeyi - dunyodagi eng yirik arxeologik yodgorliklardan biri bo‘lgan - “Afrosiyob” qadimiy shahar qoldiqlari topilgan joyda joylashgan. Ushbu muzey 1970-yilda Samarqand shahrining 2500-yilligi arafasida ochilgan edi.
“Afrosiyob” shahar qoldiqlari hozirgi Samarqand shahrining shimoli-sharqiy tomonida joylashgan bo‘lib, yer ostiga ko‘milib ketgan butun boshli shahar va uning markazida joylashgan saroydan iborat bo‘lgan. Shahar va saroy bir necha mudoffa chiziqlari bilan juda yaxshi himoyalangan bo‘lgan va shu sababli mo‘g‘ul-tatarlar hujumiga qattiq qarshilik ko‘rsatgan.
13 asr boshida Chingizxon uni yer bilan yakson qilinmaganda, bugun biz Iskandar Zulqarnayn davridan allaqachon yirik shahar bo‘lgan, eramizning 6-7 arslarda esa gullab yashnagan qadimiy Maroqand saroylarini o‘z ko‘zimiz bilan tomosha qilishimiz mumkin bo‘lardi.
Maroqand juda boy, Xitoy, Hindiston va fors davlatlari bilan savdo sotiq rivojlangan shahar bo‘lgan. U yerda ilm-fan, amaliy san’at rivojlangan. Buni biz “Afrosiyob” shahar qoldiqlarida topilgan kommunikatsiya tizimlari, idish-tovoq, qurol boshqa buyumlar namunalaridan bilib olishimiz mumkin. Bugungi kunda tarix muzeyida 22 mingdan ortiq eksponatlar mavjud.
Ular orasida eng qadrlisi 7-8 asrlarda shahar markazida mavjud bo‘lgan Ixshidlar saroyi devoriga chizilgan rangli freska suratlari fragmentlaridir. Ular orasida oq fil mingan kelin va to‘y marosimi, ommaviy ov qilish marosimi hamda xon saroyida chet ellik elchilarni tantanali qabul marosimlarini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu ajoyib rangli suratlar oradan 1200 o‘tib ham o‘z ranglar yorqinligini jozibadorligini yo‘qotmagan.
Guvohlarning aytishiga ko‘ra, 1956-yilda tarixchi olimlar ushbu topilmalarni topganda – ularnin naqadar yaxshi saqlanib qolganidan hayratga tushishgan ekan. Muzey ochilganidan so‘ng esa- bu joy uzoq va yaqindan kelgan mutaxassislar va sayyohlar dasturiga kirtila boshladi.
Xususan, Germaniya va Fransiyalik sayyohlar ushbu Afrosiyob tarix muzeyini sayyohlik dasturiga kiritishni qat’iy talab qilishadi.
Qo‘qon o‘lkashunoslik muzeyi – Xudoyorxon saroyi
Qo‘qonda sayyoh uchun eng qiziq joylardan biri, bu – sobiq Xudoyorxon saroyida joylashgan Qo‘qon o‘lkashunoslik muzeyidir.
Ushbu muzeyda Qo‘qon tarixining turli davrlariga oid eksponatlar joylashgan. Bu yerda ibtidoiy jamoa tuzimi davridagi topilmalardan tortib, xonlarga uzoq yurtlardan keltirilgan sovg‘alargacha ko‘rish mumkin. Muzeyda jami 30 mingdan ortiq eksponat bor.
Xudoyorxon saroyi 1863-1873 yillarda barpo etilgan. “O‘rda” deb nom olgan saroy 4 gektar maydonni egallagan bo‘lib, u 3 metrli poydevor ustiga joylashgan. Saroyga kirish darvozasi hashamdor bezatilgan. Uning peshtoqiga arab alifbosida “Buyuk Said Muhammad Xudoyor Xon” degan so‘zlar bitilgan. Darvoza ikki yonida ikki to‘p va ikki minora joylashgan.
Qurilgan vaqtida Xudoyorxon saroyida 119 ta xona bo‘lib, ularning barchasi ganch, naqsh, keramik plitkalar balan hashamatli bezatilgan bo‘lgan. Keyingi yillarda sodir bo‘lgan voqealar natijasida saroyning katta qismi buzilib ketgan, mulki talon-taroj qilingan. Turli yillarda hozirgi kunda ushbu saroydan faqat 19 ta xona qolgan.
Qo‘qon o‘lkashunoslik muzeyda sayyohlar, bolalar uchun alohida tematik ekskursiyalar tashkil qilinadi, turli ko‘rgazma va namoyishlar o‘tkaziladi.
Andijon o‘lkashunoslik muzeyi
Agar siz Andijonga tashrif buyurgan bo‘lsangiz va ushbu joyning tarixi, madaniyati haqida batafsil ma’lumot olmoqchi bo‘lsangiz, yagona imkoniyat bu - Andijon o‘lkashunoslik muzeyi.
Ushbu muzey shaharning eski qismida joylashgan. Muzey 1934-yilda tashkil qilingan bo‘lib bugungi kunda 66 mingdan ortiq juda boy kolleksiyaga ega.
Eksponatilar arxeologik, amaliy san’at, entografik bo‘limlardan iborat. Shuningdek muzeyda qadimgi dunyo, o‘rta asrlar va yangi tarix bo‘limlari ham bor.
Andijon o‘lkashunoslik muzeyida ushbu diyorning buyuk namoyondasi, o‘zbek shoiri va Hindistonda o‘zbek xonlari dinastiyasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburga alohida bo‘lim bag‘ishlangan.
G‘alaba bog‘i va Shon-sharaf muzeyi – Toshkent
Toshkentdagi G‘alaba bog‘i va Shon-sharaf muzeyi Ikkinchi jahon urushida erishilgan G‘alabaning 75-yilligiga bag‘ishlab 2020-yilda ochilgan edi. Muzey yangi bo‘lgani sababli ham ko‘pchillik u yerga hali borishga ulgurmagan.
O‘zbekiston Respublikasining G‘alabaga qo‘shgan hissasi aks ettirilgan.
Muzeyda front sahnalari, front ortidagi qahramonona mehnat, urush qochqinlarini qabul qilish, qahramonlar xotirasi abadiy saqlash va boshqa mavzular zamonaviy texnologiyalar yordamida keng yoritilgan.
Muzey atrofida G‘alaba bog‘ida urush yillari harbiy texnikasi, jang sahnalari, konslager ko‘rinishi, temiryo‘l vokzali va boshqa ko‘plab eksponat va kompozitsiyalar o‘rin olgan.
G‘alaba bog‘i va muzey juda emotsional harakterga ega. Bu yerga tashrif buyurgan kishi albatta urush dahshatlarini, onalar qayg‘usini, g‘alaba quvonchini va abadiy minnatdorlik his-tuyg‘ularini his qiladi.