TOShKENT, 17-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston san’at arbobi, Xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
O‘zbek Milliy teatr san’ati va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk va betakror iste’dod sohibi, atoqli rejissor Bahodir Yo‘ldoshev shu yil 16-may kuni 76 yoshida vafot etdi.
“Xalqimizning buyuk san’atkor farzandi, betakror shaxs, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Bahodir Tursunovich Yo‘ldoshevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, - deyilgan davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.
Yo‘ldoshev 1945-yil 7-sentabrda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida san’atkorlar oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent teatr va rassomchilik institutida rejissorlik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini O‘zbek davlat akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri) artisti lavozimida boshladi. Yigirma yetti yoshida ushbu nufuzli teatrga bosh rejissor va badiiy rahbar etib tayinlandi. O‘n uch yil davomida jamoada ishchan ijodiy muhit yaratish, teatr repertuarini zamonaviy hamda mumtoz milliy va xorijiy asarlar bilan boyitish, iqtidorli iste’dod egalarini tarbiyalashga ulkan hissa qo‘shdi.
1984-2004 yillarda Abror Hidoyatov nomidagi O‘zbek davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida samarali faoliyat ko‘rsatdi. Keyin o‘zbek rejissorlik san’atida o‘z ijodiy maktabini yaratdi.
B.Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan “Abu Rayhon Beruniy”, “Ibn Sino”, “Iskandar”, “Nodirabegim”, “Yulduzli tunlar”, “Qora kamar”, “Farmonbibi arazladi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Maysaraning ishi”, “Checha”, “Arshin mololon” kabi o‘nlab dramatik asarlar millionlab san’at muxlislarining qalbidan chuqur joy olib, teatr san’atining “oltin fondi”dan o‘rin egalladi. Ushbu asarlarning aksariyat ko‘pchiligi chet ellarda ham katta muvaffaqiyat bilan namoyish etildi.
Ulug‘ san’atkor 2009-yilda “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasini tashkil etib, umrining oxiriga qadar unga rahbarlik qilib keldi. B.Yo‘ldoshev o‘zining boy bilim va tajribasi asosida yoshlarga sahna ilmi, rejissorlik san’atining nazariy va amaliy masalalaridan saboq berish maqsadida markaziy telekanallarimiz orqali g‘oyat ibratli “Mahorat darslari”ni o‘tkazib keldi.
Beqiyos xizmatlari uchun u "O‘zbekiston san’at arbobi" hamda "O‘zbekiston xalq artisti" faxriy unvonlari, "Mehnat shuhrati" , "Fidokorona xizmatlari uchun", "El-yurt hurmati", “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi.