O‘zbekiston MDHda elektromobil ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi

O‘zbekiston o‘tgan yil dekabrida elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan edi.
Sputnik
TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbekiston MDHda hamkorlar bilan elektromobil ishlab chiqarish hamkorligini rivojlantirishga tayyor. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi xabar qilmoqda.
Kuni kecha videokonferensiya shaklida MDH sanoat siyosati kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston vakillari ishtirok etgan.
Yig‘ilishda kun tartibidagi qator masalalar ko‘rib chiqilib, muhokama qilingan. Yakunda tegishli qarorlar qabul qilingan.
“O‘zbekiston tomoni MDHda elektr transport vositalari ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini e’lon qildi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, kengash doirasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan a’zo davlatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning konseptual yo‘nalishlari dasturi loyihasi taqdim etilgan va muhokama qilingan.
O‘zbekistonga o‘tgan yilda 130dan ortiq elektromobil olib kelingan
2020 yil dekabrida mamlakat hukumati "O‘zavtosanoat" kompaniyasini faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tkazishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan edi. 2021-yil 1-fevralgacha kompaniyaga xorijiy mutaxassislar va konsalting kompaniyalarini jalb qilish va konsepsiya loyihasini ishlab chiqish topshirilgan edi.
Sputnik O‘zbekiston Telegram kanali – obuna bo‘ling, o‘qing, izoh qoldiring! >>
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga xorijdan 91 ta elektromobil import qilingan. Ular asosan Xitoy (56) va Turkiyadan (24) import qilingan.