TOShKENT, 17-may — Sputnik. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun o‘tkazilgan brifingda Sharqiy Quddusdagi vaziyat haqida to‘xtaldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Sharqiy Quddusdagi vaziyatni keskin tus olishidan juda havotirda.
Tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish, qon to‘kilishini darhol to‘xtatish va bu borada bor imkoniyatlarni safarbar etish kerak deb o‘ylaymiz. Bundan tashqari, Al-Aqso masjidi va Quddusdagi qolgan boshqa muqaddas qadamjolarning dahlsizligi - status-kvo bo‘lgan holga qaytish kerak va tiklanish kerak, deb bilamiz
Asadovga ko‘ra, Falastin-Isroil muammosi xalqaro meyoriy-huquqiy hujjatlar doirasida hal etilishi lozim.
"Umuman olganda, Falastin-Isroil muammosi xalqaro meyoriy-huquqiy hujjatlar doirasida, xususan BMTning tegishli rezolyutsiyalari va biz ko‘p yillardan bo‘yon shuni qo‘llab-kelayotgan tamoyil bo‘lmish “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida yechilishi kerak deb o‘ylaymiz”, - dedi prezident matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Isroil va Falastinning G‘azo sektori chegarasidagi vaziyat keskin keskinlashdi. 12-may tongida Xamas harakati Isroil hududiga mingdan ortiq raketa uchirdi. Tel-Aviv G‘azo sektoriga zarba berishda davom etmoqda.
Shu vaqt ichida Falastinning G‘azo sektoridan Isroil tomon 3 mingdan ortiq raketa otdi. Isroil esa G‘azo tomon 1,5 mingdan ortiq raketa otdi.
Isroilda 10 kishi vafot etdi, 50 ga yaqin kishi jiddiy yaralandi. Falastinda 192 kishi halok bo‘ldi, ulardan 58 nafar bola.