TOShKENT, 15-may - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.
Prezident bu yerda davolanayotgan bemorlarga dalda berib, tezroq tuzalib uyiga qaytishni niyat qildi.
- Bu bir sinov. Ana shu sinovlardan bardosh bilan o‘tib, tezroq sog‘ayib, uyga qaytsalaringiz, hammamiz xursand bo‘lamiz. Men bolalar, yoshlar haqida ko‘p gapiraman, ularga katta umidlar bog‘layman. Ilohim, mana shu bolalarning ham kasalligi esdan chiqib, xalqimizga xizmat qiladigan farzandlar bo‘lib yetishsin. Ulug‘ ayyom kunlarida Xudodan shuni so‘raymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek Shavkat Mirziyoyev onkologiya markazi uchun yangi binolar barpo etishni, ushbu sohada kasallikni aniqlash va davolash uslublarini takomillashtrishni hamda mobil brigadalar tuzib aholini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish kerakligi ta’kidladi.
Undan tashqari, viloyatlarga mobil mammograflar va pozitron-emission tomograflar yetkazib berish, saraton kasalliklarini erta aniqlaydigan laboratoriyalar tashkil etilib, maxsus onkomarkerlar tekshiruvlari yo‘lga qo‘yilishi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga respublikada onkologik kasalliklarni davolash sifatini oshirish masalasi qo‘yildi. Xususan, viloyatlarda onkologiya va gematologiya shifoxonalarini ta’mirlab, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, malakali mutaxassislarni jalb qilish vazifasi belgilandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 10 ta davolash korpusi bo‘lib, 370 ta o‘ringa ega. Bu yerda O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan 9 mingdan ortiq bemorlarga statsionar, 43 ming nafariga ambulator tartibda xizmat ko‘rsatilmoqda.