TOShKENT, 13-may - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari bilan telefon muloqotini o‘tkazdi.
Qozog‘iston
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 13-may kuni bilan telefon orqali muloqotida Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligi yuqori sur’atda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yilning birinchi choragida tovar ayirboshlash 28 foizga ko‘paydi, sanoat kooperatsiyasi dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, transport va logistika sohasida yirik loyihalar tayyorlanmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni ta’minlash va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, shuningdek, ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Qirg‘iziston
Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqotida prezidentlar muqaddas Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, ezgu istaklarini izhor qildilar.
Qirg‘iziston prezidentining joriy yil mart oyidagi mamlakatimizga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.
Savdo, sanoat, energetika, transport va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi vaziyatni barqarorlashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tojikiston
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqot avvalida bir-birlarini hamda O‘zbekiston va Tojikistonning birodar xalqlarini muqaddas Ramazon hayiti bilan dildan qutladilar, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu hafta Toshkent shahrida Bosh vazirlar raisligida o‘tadigan qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida asosiy vazifa uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni izlash ekani ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida yetakchilar mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlarini ham muhokama qildilar. Shu ma’noda tomonlar Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili sifatida Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyat barqarorlashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.