TOShKENT, 13-may — Sputnik. Irina Badmayeva. “Shimoliy oqim-2” atrofidagi qizg‘in bahslashuv tinmayapti. Davlat departamenti Yevropaga sanksiyalar bilan tahdid etishda davom etmoqda. G‘arbda Rossiya yoqilg‘isiga bo‘lgan talabni anglashsada, Germaniyada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan saylovlar loyiha istiqboliga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Demak, ishni yakunlashga shoshmaslik darkor. Qizil tasma qachon kesilishini RIA Novosti o‘rgandi.
Bundestag saylovlariga qadar ulgurmoq zarur
Rossiyaning Germaniyadagi elchisi Sergey Nechayev gaz quvuri 26-sentabrgacha qurib bitkazilishini ma’lum qildi. “Agar ob-havo yaxshi bo‘lsa, tezroq yakunlaymiz”, - deya qo‘shimcha qildi u. Yuz kilometr joyga quvur yotqizish qolgan.
Saylovlardan so‘ng Bundestagdagi kuchli o‘rinlarni yashillar egallashi mumkin, ular esa, yumshoq qilib aytganda, bu loyihasini qo‘llab-quvvatlashmaydi. 3-may kuni Germaniyaning tabiatni muhofaza qilish nohukumat tashkiloti (NABU) Gamburg ma’muriy sudiga da’vo arizasini kiritdi. Ekologlar “Shimoliy oqim-2” Boltiq dengiziga zarar yetkazadi deb hisoblashmoqda.
Qolaversa, Rossiya quvuriga hayrixoh Angela Merkel tez orada kansler lavozimini tark etadi. Hukumat tepasiga kim kelishi noayon. Loyihaga katta pul tikilgan axir.
“Hozir shu masala turibdiki, o‘n milliard yevroni ko‘kka sovurishni istaymizmi. Qarorni Yevropa qabul qilishi kerak”, - deydi Sergey Nechayev.
YeIda fikrlar allaqachon ikkiga bo‘lingan. Quvurlar Germaniya, Finlyandiya, Shvetsiya va Daniya suv hududlari orqali o‘tadi. Birinchi uch mamlakat qurilishga tezda rozilik berdi. Faqat Kopengagen qarshilik qildi, lekin natija yon berdi. Ammo Chexiya, Polsha, Vengriya, Slovakiya, Ruminiya, Xorvatiya qat’iy qarshi. Ukraina haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Hech kim tranziter maqomidan mahrum bo‘lishni istamaydi.
So‘z o‘rnida, Varshava “Gazprom” bilan shartnoma tugagandan keyin 2022-yildan boshlab Rossiya yoqilg‘isiz kun ko‘rishga tayyorligini bildirdi. Polyaklar Shimoliy dengizda yotqizilayotgan “Baltic Pipe”ga umid qilishmoqda. Qolgani – amerikaliklar yevropaliklarga quyib berishga shay bo‘lgan okean ortidagi suyultirilgan tabiiy gaz.
Sanksiyalarga qaramasdan
ShO-2 ning ikki ipining umumiy quvvati – yiliga 55 milliard kubometr. Uzunligi – 1234 kilometr.
Qurilishni 2019-yil dekabrida to‘xtatib qo‘yishgan edi. Shveysariyaning “Allseas” quvur yotqizuvchisi Amerika sanksiyalar tufayli loyihadan chiqdi. Bir yil o‘tib ish qayta tiklandi. Biroq Vashington ishning beliga tepishda davom etmoqda.
AQShning 2021-yilgi mudofaa budjeti yana cheklovlarni kengaytirdi. Davlat departamenti Yevropa kompaniyalarini qo‘rqitmoqda. Bu yil fevraliga kelib ShO-2 ni YeIdan bo‘lgan 18 ishtirokchi tark etdi.
Ammo Yevropada energetika xavfsizligi uchun loyihaning muhimligini anglashadi. Kreml ham hamkorlar ShO-2 ni yakunlash niyatida izchil ekanini ta’kidlamoqda.
Germaniya hukumati buni bir necha marotaba tasdiqlagan, xususan, 4-may kuni GFR tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Londonda “Yettilik” TIV rahbarlari yig‘ilishida. Gap shundaki, GFR ko‘mir va atom energetikasidan voz kechmoqda. Qayta tiklanadigan manbalarga bezarar o‘tish uchun mamlakatga ko‘proq gaz darkor.
Bir necha kun o‘tib, 11-may kuni, “Germaniya uchun muqobil” partiyasi hamraisi Tino Krupalla eslatdi: “Suveren davlat sifatida biz ko‘plab mamlakatlar bilan ish munosabatlarini davom ettirishimiz shart”. Va dediki, gaz quvuri qurilishi yakunlanishi ham GFr, ham Rossiya uchun foydali.
“AQSh buni qanchalik xohlaganiga qaramay bir zumlik siyosiy da’volar bilan iqtisodiy uzoq muddatli samarali hamkorlikni buzib bo‘lmaydi. Shaxsiy hech narsa yo‘q, faqat biznes”, - deb hisoblaydi Maksim Chernyayev, RUDN iqtisodiy fakulteti dotsenti.
Lekin qizil tasmani sentabr oxirida kesishlariga shubha qilish uchun jiddiy sabablar bor.
“To‘siqlar nafaqat yuridik va siyosiy – ish sur’ati yuqori emas. 19-apreldan 10-maygacha 3,1 kilometr yotqizishdi. 1-apreldan 19-aprelgacha – 8,6. Bundan kelib chiqadiki, 40 kunda – 11,7 kilometr, yoki o‘rtacha kuniga 0,3 km. Bunda 11 oy kerak bo‘ladi”, - deya fikr yuritadi TeleTrade axborot tahliliy markazi iqtisodchisi Mark Goyxman.
Ammo loyihani to‘xtatib bo‘lmaslikni, aftidan, hatto uning ashaddiy dushmanlari anglashgan (jilla qursa tan berishgan). Hech bo‘lmaganda yangi sanksiyalarga chap berish uchun firma filiallari orqali harakat qilish mumkin. Albatta, bu ko‘p vaqtni talab qiladi, aytishadi-ku, sekin yursang, uzoqqa borasan.