O‘zbekiston Isroil va Falastinni zo‘ravonlikka chek qo‘yishga chaqirdi

O‘zbekiston Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini ta’minlash zarur deb hisoblaydi.
Sputnik
TOShKENT, 12-may — Sputnik. O‘zbekiston Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi sababli chuqur xavotirda. Bu haqda mamlakat TIV bayonot bilan chiqdi.
“Tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish, vaziyatni beqarorlashtirishdan saqlanish va bundan buyon qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda musulmon olami uchun muqaddas hisoblangan Iyd al-Fitr arafasida mojaroni hal etish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiramiz”, - deyilgan xabarda.
O‘zbekiston Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini — status-kvoga rioya etilishini ta’minlash zarur deb hisoblaydi.
Bayonotda yozilishicha, Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq meyorlari, BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar hamda “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etilishi lozim.
Sharqiy Quddusdagi to‘qnashuvlar
Isroil va Falastinning G‘azo sektori chegarasidagi vaziyat 10-may, dushanba kuni keskin keskinlashdi. 12-may tongida Xamas harakati Isroil hududiga mingdan ortiq raketa uchirdi. Tel-Aviv G‘azo sektoriga zarba berishda davom etmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kun ichida 48 kishi vafot etdi, shulardan 14 nafari bolalar va uch nafari ayollar, 300 nafardan ortik kishi yaralangan. Isroil hududida yetti kishi qurbon bo‘lgan, 200 dan ortiq odam jarohat olgan.