Chirchiq shahrida "Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!" festivali bo‘lib o‘tadi

Tadbir doirasida turli ko‘ngilochar shou-dasturlar, mashhur biznesmenlardan treninglar, sportchilardan master klass, dizayner va moda defilelari bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 12-may - Sputnik. Toshkent viloyati hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida joriy yilning 14, 15, 16-may kunlari Toshkent viloyati Chirchiq shahrida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
2021 yil O‘zbekistonda "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili", deb nomlanib, bu borada davlat dasturi qabul qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy 13-aprel kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratilgan edi.
Prezident yoshlar bilan ishlashni eplay olmagan qator mansabdorlarni ishdan bo‘shatdi
Turli festival va musobaqalar o‘tkazib, yoshlarni sport, madaniyat va san’atga qiziqtirish, nufuzli xalqaro tanlovlarga olib chiqish izchil davom ettirilishi alohida qayd etildi.
Shuni alohida e’tiborga olgan holda Chirchiq shahrida bo‘ladigan festival keng qamrovli mavzularda o‘tkaziladi. Ayni paytda bu yerda qizg‘in tayyorgarlik ketmoqda.
DXXga yoshlar muammolarini tizimli o‘rganish vazifasi yuklatildi
Mazkur tadbirda umumiy hisobda 15 ming nafar yoshalrni qamrab olishni rejalashtirilgan.
Turli ko‘ngilochar shou-dasturlar, mashhur biznesmenlardan treninglar, sportchilardan master klass, dizayner va moda defilelari bo‘lib o‘tadi. Shuningek, 50 nafar bolalarning sunnat to‘yi qilib beriladi. Yugurish va velomarafon, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni ish bilan ta’minlash borasida amaliy ishlar qilinadi.
O‘z navbatida sportga qiziquvchi yoshlar uchun jahon va mamlakatimiz miqyosida professional tarzda faoliyat yuritayotgan sportchilar o‘z mahoratini namoyish etadi.