Toshkentda aholi yoqimsiz hid kelayotgani haqida shikoyat qilmoqda

Sergeli tumani O‘zgarish mahallasida uzluksiz yoqimsiz hid kelayotgani haqidagi shikoyatlar kelmoqda
Sputnik
TOShKENT, 11-may — Sputnik. "Toshkent shahar suv ta’minoti" MChJ tomonidan poytaxtning Sergeli tumani O‘zgarish mahallasida uzluksiz yoqimsiz hid kelayotgani haqidagi shikoyatlar bo‘yicha videolavha tayyorladi.
"Toshkent shahar suv ta’minoti" MChJ bosh muhandisi Abduqodir Alimov fikriga ko‘ra, yoqimsiz hid tarqalishining asosiy sababi - “Salar” to‘yintirish inshooti hamda Bo‘zsuv kanaliga turli korxona va tashkilotlar tomonidan oqova suvlar va chiqindilarning oqizilishi.
“Bektemir” va “Salar” oqova suv tozalash inshooti yaqinidagi korxonalarga MChJ tomonidan yuzlab ogohlantirish berilgan, laboratoriya tahlillari muntazam olib borilib, kompensatsiyalar undirib kelinadi.
“Salar” to‘yintirish inshooti Toshkent shahrining Janubiy qismida Salar arig‘ining qirg‘og‘ida joylashgan. 1961-yil 12-aprelda 25 ming m3 quvvat bilan ishga tushirilgan. Inshoot maydoni 95,4 gektarni tashkil etadi. Loyihaviy tozalash quvvati – 1068 ming m3 bo‘lib, ishchi quvvati – 960 ming m3 ni tashkil etadi.
Hozirgi kunda Toshkent shahrining Yakkasaroy, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Yashnobod, Sergeli tumanlaridan – 800-850 ming m3 oqova suvini qabul qilib tozalab chiqaradi.
Salar to‘yintirish inshooti tarkibiga Mexanik tozalash va quyqani qayta ishlash bo‘limi, Biologik tozalash va oqova suvini zararsizlantirish bo‘limi, Bosh mexanik bo‘limi, Bosh energetika bo‘limi, Kimyo bakteriologiya bo‘limi kiradi.