TOShKENT, 11-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, aholiga kuniga o‘rtacha 57 mingtadan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali 30 turdagi xizmat ko‘rsatish mumkin, xolos. Undan atigi 11 tasi interaktiv xizmatlar.
Prezident shu yil yakunigacha davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 200 taga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Barcha 716 ta davlat xizmatini inventarizatsiya qilib, ularning muddatlari, to‘lov miqdorlari, shartlari va boshqa talablarini soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
“Qaysi qishloqda, mahallada qaysi xizmatga ehtiyoj borligiga qarab, shunga sharoit yaratish kerak. Qaysi xizmatlarni arzonlashtirish, qaysilarini bepul qilish masalasini tahlil etib, aholiga yengillik va qulaylik yaratish zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Idoralararo integratsiya darajasini oshirish, buning uchun davlat xizmatlari uchun to‘lovlarning 20 foizini tashkilotlarning axborot texnologiyalari tizimini rivojlantirishga yo‘naltirish, qog‘oz shaklidagi arxiv hujjatlarini raqamlashtirish zarurligi ta’kidlandi.