Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 34ta klasterga yog‘ narxi oshishi yuzasidan ish qo‘zg‘atdi

Ma’lum qilinishicha, ayrim paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotchilari vaziyatdan foydalangan holda, paxta chigiti narxini asossiz oshirishgan, bu esa o‘z ta’sirini paxta yog‘ining narxiga ham ko‘rsatgan.
Sputnik
TOShKENT, 11-may - Sputnik. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi paxta yog‘i narxlari keskin oshgani yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.
Sal avval qo‘mita o‘simlik yog‘i narxining oshishiga asosan kungaboqar urug‘lari ishlab chiqarish va eksportning qisqarishi bilan bog‘liq tashqi muhit ta’sir ko‘rsatganini ma’lum qilgan va o‘simlik yog‘iga QQS pasaytirilishi ushbu holatni barqarorlashtirishiga olib kelishi ma’lum qilingan edi.
O‘simlik moyi narxi oshishi sabablari ma’lum bo‘ldi
Biroq so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar o‘simlik yog‘iga QQS bekor bo‘lsa-da, biroq yog‘ narxi tushmayotganidan shikoyatlar qoldirishmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, joriy yil aprel oyi davomida birja savdolariga 40ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan texnik chigit savdolarga qo‘yilganligi hamda qo‘yilayotgan texnik chigitning boshlang‘ich narxlari aprel oyida o‘rtacha 38 foizga ko‘tarilganligi aniqlangan.
Ammo, ayrim paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotchilari vaziyatdan foydalangan holda, paxta chigiti narxini asossiz oshirishgan, bu esa o‘z ta’sirini paxta yog‘ining narxiga ham ko‘rsatgan.
Bunda, birja savdolarida texnik chigitning boshlang‘ich narxlarini kelishib sun’iy oshirish va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari yuzasidan 34ta paxta-to‘qimachilik klasterlariga nisbatan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i tanqisligi bo‘lishi mumkinmi?
Eslatib o‘tamiz, Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida “Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullangan edi.
Mamlakat ichki bozorlarida o‘simlik yog‘i narxi keskin oshishining oldini olish maqsadida mazkur Qonun bilan Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Unga ko‘ra, 2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar:
- O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish;- o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha mablag‘lar aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinmoqda.
- 2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar bo‘lgan davrda kungaboqar va paxta urug‘lari, kungaboqar yog‘i va paxta yog‘i mahsulotlariga nisbatan mazkur Qonun bilan eksport boji joriy etilmoqda.
Mazkur Qonunning ma’qullanishi orqali moyli ekinlar ekilishi ustidan ham qat’iy monitoring o‘rnatilishi kutilmoqda. Ma’qullangan qonun prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach rasmiy kuchga ega bo‘ladi.