YeTTB Samarqand viloyatida 87 million yevrolik quyosh elektr stansiyasi quradi

YeTTB, YeIB, Proparco va Total Eren hamkorligida O‘zbekistonda umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi quriladi.
Sputnik
TOShKENT, 10-may — Sputnik. Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki, Yevropa investitsion banki hamda Fransiyaning Proparco (Fransiya rivojlanish agentligi sho‘’basi) va Total Eren kompaniyalari Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyasi qurilishiga 87,4 mln. yevro mablag‘ ajratishdi, deb xabar qilmoqda YeTTBning O‘zbekistondagi filiali.
Ushbu mablag‘lardan 43,7 mln. yevro - YeIB tomonidan ajratilgan. YeTTB va Proparconing har biri 21,8 milliondan mablag‘ ajratgan. TOTAL Erenga tegishli bo‘lgan Tutly Solar llc kompaniyasi loyihasi asosida quriladi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, yangi quyosh stansiyasining quvvati 100MVt bo‘lib u 2021-yilning oktabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu geliostansiya haqidagi dastlabki xabarlar 2019-yilda paydo bo‘lgan edi. O‘shanda TOTAL Eren O‘zbekistonda umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi uchun 150 mln. yevro investitsiya kiritilishi xabar qilingan edi.
Loyiha davlat-xususiy hamkorligi shaklida bo‘lishi haqida "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ bilan tegishli shartnoma imzolangan edi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elekt energiyasining 90%dan ortig‘i uglevodorodlar yordamida ishlab chiqarilmoqda. Respublikada energiya manbaalarini diversifikatsiya qilish, quyosh, shamol va kichik GESlar kabi qayta tiklanuvchi manbaalar yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish borasida maxsus dastur qabul qilingan. Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, O‘zbekistonning quyosh energetikasi potensiali yiliga 50 milliard neft ekvivalentiga teng.
Undan tashqari Rossiya va O‘zbekiston 2018-yilda atom elektr stansiyasi qurishga kelishib olishgan edi. Shartnomaga muvofiq, O‘zbekistonda 2028-yilda umumiy quvvati 1,2 GVt bo‘lgan atom elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Kelajakda uning quvvati 4,8 GVtgacha kuchaytirilishi mumkin bo‘ladi.