Ayrim toifadagi fuqarolar muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘ldi

Sputnik
TOShKENT, 11-may — Sputnik. O‘zbekistonda ayrim toifadagi fuqarolarga muddatidan oldin pensiyaga chiqishga ruxsat berildi.
Norma.uz xabariga ko‘ra, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘i bilan Alohida asoslarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Hujjat quyidagi asoslar bo‘yicha mehnat shartnomasi bekor qilingani munosabati bilan ishdan bo‘shatilgan xodimlarga pensiyalarni muddatidan oldin tayinlash tartibini tartibga soladi:
texnologiya o‘zgarishi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish;
ish hajmining kamayishi sababli xodimlar sonining (shtatining) o‘zgarishi yoki ish xarakterining o‘zgarishi;
korxonaning tugatilishi.
Mazkur shaxslarga ular rasman ishsiz deb e’tirof etilgan va zarur mehnat stajiga ega bo‘lgan taqdirda muddatidan oldin (qonun hujjatlarida belgilangan umumiy asoslarga ko‘ra pensiya tayinlash muddatidan ikki yil oldin) pensiyaga chiqish huquqi beriladi:
erkaklar - 58 yoshda bo‘lib, mehnat staji 25-yildan kam bo‘lmagan taqdirda;
ayollar - 53 yoshda bo‘lib, mehnat staji 20-yildan kam bo‘lmagan taqdirda.
Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekistonda yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to‘lganda, ayollar esa 55 yoshga to‘lganda ega bo‘ladi.
O‘zbekistonda necha kishi pensiya va nafaqa oladi?