TOShKENT, 9-may - Sputnik. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berishicha, Agentlik, Moliya vazirligi, hamda Hisob palatasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan "Budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda ma’lumotlarni joylashtirish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga binoan barcha darajadagi budjet mablag‘lari taqsimlovchilar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchilar hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ijro etuvchi direksiyasi tomonidan rasmiy veb-saytlarda ma’lumotlarni joylashtirish tartibi belgilanmoqda.
Jumladan, nizom bilan quyidagi tartiblar belgilandi:
- budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash maqsadida ochiq ma’lumotlarning mazmuni va joylashtirish muddatlari;
- rasmiy veb-saytlarga joylashtirib boriladigan ma’lumotlarning shakllari;
- budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash maqsadida ochiq ma’lumotlarni joylashtirish tartiblari.
Shu bilan birga quyidagi ma’lumotlarni joylashtirish majburiy qilib qo‘yildi:
- Davlat soliq qo‘mitasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan soliq va bojxona imtiyozlari ro‘yxatini, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlarining miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
- davlat organlari tomonidan ularning budjetdan tashqari jamg‘armalarining daromadi va xarajatlari ham endilikda ushbu Nizom bilan tasdiqlangan tartib bo‘yicha har chorak yakunlariga ko‘ra o‘zlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borish. Ushbu o‘zgarishlar natijasidab davlat organlarining yudjetdan tashqari mablag‘lari shakllanish yo‘nalishlari va ushbu mablag‘larni qanday maqsadlarda sarflanayotganligi bo‘yicha ma’lumotlarni jamoatchilik uchun ochiq tarzda e’lon qilinishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga Moliya vazirligi budjet tashkilotlarining xarajatlari ijrosi, budjetdan tashqari mablag‘lar tushumi, xarajatlari hamda davlat xaridlari yuzasidan ma’lumotlarni tizimlashtirilgan holda tuman (shahar)lar kesimida joylashtirib borishi; davlat qarzining holati va o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda hisobot choragidan keyingi ikkinchi oyning 25 sanasiga qadar "Ochiq budjet" axborot portaliga joylashtirib borishi belgilandi.