"Biz uchun bu ijtimoiy loyihadir. Biz hozirgi avlod ota-bobolari jasoratlarini hamisha yodda saqlashlarini, musaffo osmonni va bugun biz ega bo‘lgan barcha narsalarni qadrlashlarini istaymiz. Biz yoshlarimiz yaxshilik va mehr, bag‘rikenglik va saxovat, olijanoblik va insonparvarlik haqida mudom yodda tutishlarini istaymiz. Insonlar jasorati u haqda xotirlashsa mangu yashaydi".
Alisher Mirzayev "Kapitalbank" ATB boshqaruvi raisi
Loyiha mualliflari hayotning o‘zi ularni harbiy mavzuni yangicha rakursdan qayta ko‘rib chiqishga turtki berganini aytishadi. Afsuski, Ikkinchi jahon urushi maydonlarida jang qilgan faxriylar soni juda kam qoldi, ammo bolaligi urushning og‘ir kunlariga to‘g‘ri kelgan, urushning barcha dahshatlari va mashaqqatlarini boshdan kechirib, omon qolganlar ko‘p va urush mitti nigohlarda qanday gavdalanganini ular juda yaxshi xotirlashadi.
"Ushbu kitobda siz o‘sha dahshatli urush bolalarining haqiqiy va bo‘rttirilmagan xotiralariga duch kelasiz. Bu ular qay tarzda konslagerlarda jasadlarni tashiganlari, yoki yaqinlarini yoqib yuborishganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgani yoki bo‘lmasam fashistlarning vahshiyona qilmishlari tufayli ming-minglab insonlar qirilib ketishgani haqidagi xotiralardir. Bunda barchasidan judo bo‘lgan, ammo taslim bo‘lmagan, o‘zi och qolib, oxirgi non uvoqlarini boshqalar bilan bo‘lishgan bolalar xotiralari ham bor. Ular bugun avlodlardan iltimos qilayotgan asosiy narsa - G‘alaba qanday mashaqqat va judoliklar bilan erishilganini yodda tutish va bu singari hodisalarga boshqa hech qachon yo‘l qo‘ymaslikdir".
Andrey Teshayev "Podrobno.uz" AA bosh muharriri
"Albatta, yillar o‘tib ketdi, biz endilikda o‘z tashvishlarimiz bilan bandmiz, lekin o‘tmishdagi G‘alaba va uni erishish uchun sodir etilgan jasoratlarni, qahramonliklarni hech qachon unutmasligimiz kerak. O‘tgan yili mamlakatimizda noyob G‘alaba bog‘i yaratildi. Meni fikrimcha, ushbu bayramda hammamiz farzandlarimiz bilan shu bog‘ga aylangani borsak, foydadan xoli bo‘lmasdi, toki kelajak avlod ham bizning umumiy tariximizni bilsin. Sababi, faxriylarimizni yilda bir marta emas, balki har kun, hamisha yod etishimiz va ularga hurmat ko‘rsatishimiz ham qarz, ham farz".
"Men chet elda juda ko‘p ishlaganman va ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganman. Afsuski, hamma joyda ham, hatto MDH makonida ham bizning umumiy tariximizga bunday ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan qarashlarini ko‘ravermayman. O‘zbekiston bu ma’noda juda hayratlantirmoqda va bu yoqimli, albatta. O‘tgan yili ochilgan G‘alaba bog‘i ham bu gapimning yaqqol tasdig‘idir. Tariximizni soxtalashtirishlariga va buzib ko‘rsatishlariga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz kerak va bu bugungi kunda har qachongidan ham dolzarbdir, sababi bunga urinishlar muntazam kuzatilmoqda. Bu singari loyihalar esa xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlaydi va biz ularni doimo qo‘llab-quvvatlashga va bunga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz".
Oleg Malginov, RF O‘zbekistondagi elchisi