TOShKENT, 7-may - Sputnik. Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon viloyatida sel kelishi oqibatida ikki nafar voyaga yetmagan bola vafot etganligi haqida xabarlarga munosabat bildirdi.
Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, joriy yil 6-may kunidan 7-may kuniga o‘tar kechasi soat 01:00 lardan 03:30 larga qadar Andijon viloyati Xonobod shahrining Teyit va Xidirsha MFYlarida kuchli sel kelishi tufayli 700 ga yaqin xonadonlar zararlangan. Yog‘ingarchilik sababli Qirg‘iz ariq kanalining toshishi oqibatida bir oilaning 2 nafar voyaga yetmagan 2013 va 2018-yilda tug‘ilgan farzandlari selda oqib ketishi sababli vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Xonobod shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda tabiiy ofatni bartaraf etish uchun Andijon viloyati IIB YXXB xodimlari tomonidan zarur kuch va vositalar hamda maxsus texnikalar jalb etilmokda.