TOShKENT, 4-may — Sputnik. Rossiyaning Tergov qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Tomskda O‘zbekiston fuqarosi bilan yuz bergan voqea yuzasidan tekshiruv ishlarini boshladi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar qilmoqda.
Avvalroq ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Tomsk shahrida Federal xizmati xodimi tomonidan O‘zbekiston fuqarosining huquqi buzilib, unga nisbatan kuch ishlatgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi hamda agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi holatga aniqlik kiritish hamda har tomonlama va obyektiv tekshiruv o‘tkazish yuzasidan Rossiyaning vakolatli idoralariga tegishli so‘rovnomalar yuborgan.
“Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Tergov qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi ushbu voqea bo‘yicha tekshiruv ishlarini boshlagan”, - deyilgan xabarda.
Xabarda amalga oshirilgan ishlar natijasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi qo‘shimcha qilingan.