Saylov kodeksiga o‘zgartish kiritish rejalashtirilmoqda

Amaldagi Saylov kodeksiga qator o‘zgartishlar kiritilishi kutilmoqda. Ular yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlari, okrug saylov komissiyasi tarkibiga taalluqli.
Sputnik
TOShKENT, 4-may — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi va Senatga ko‘rib chiqish uchun yubordi.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, deputat Rasul Kusherbayevning yozishicha, quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish rejalashtirilmoqda:
14, 20, 22, 101 va 102-moddalarida yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishni chiqarib tashlash;
21-moddada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va o‘n bir – o‘n sakkiz nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuzilishini belgilash;
31-moddadan saylov bulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi ko‘rsatilishi haqidagi normani chiqarib tashlash;
38-moddada saylovlarda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligini belgilash;
48-moddada saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkazilishi, bunda, ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligini belgilash.
Deputatning ta’kidlashicha, qonun loyihasi YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosining tavsiyalari bo‘yicha saylov to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilikning tahlillari asosida Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan.