TOShKENT, 4-may — Sputnik. 3-may kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasida shamol energetikasi loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Mazkur loyiha Qoraqalpog‘istonda 1500 MVt quvvatga ega shamol energetikasini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishdan iborat.
“U foydalanishga topshirilgandan so‘ng Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasiga aylanadi”, - deyilgan xabarda.
Loyiha taxminan 4 million xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi va yiliga taxminan 2,5 million tonna karbonat angidrid gazini qoplashi kutilmoqda.
Loyiha O‘zbekiston hukumatining energetika sohasida amalga oshirilayotgan strategik islohotlarga muvofiq mamlakatning energiya balansini diversifikatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
“ACWA Power” kompaniyasi, shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yil boshida tuzilgan umumiy ishlab chiqarish quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita shamol energetikasi loyihasining investori hisoblanadi. Bu borada elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnomalar (PPA) va investitsiya shartnomalari imzolandi.
Bundan tashqari, Saudiya kompaniyasi Sirdaryoda yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan, umumiy quvvati 1500 MVt ga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirmoqda.