TOShKENT, 29 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqoti davomida ma’lum bo‘ldi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqotda ikki tomonlama va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Xitoy raisi O‘zbekistonda aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yangilanishlarni yuqori baholadi va ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha Xitoyda to‘plangan katta tajribani chuqur o‘rganish masalasida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtaldilar.
Qayd etilishicha, pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish va joriy yil boshidan o‘zaro savdoning 33 foizga o‘sishini ta’minlashga erishilgan. Muhim qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda.
“Mamlakatlarimiz yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, eksport va import ko‘rsatkichlarining mutanosibligini ta’minlash sari muvaffaqiyatli harakat qilmoqdalar”, - deyilgan xabarda.
O‘zbekiston Shanxay shahrida o‘tadigan navbatdagi Import mahsulotlari Xitoy xalqaro ko‘rgazmasida faol ishtirok etadi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Xitoy yetakchi korxonalarining turli tarmoqlardagi kooperatsiyasini kuchaytirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlaridagi loyihalarni ilgari surishda o‘zaro ko‘maklashish zarurligini qayd etdi.
Keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni tayyorlash va qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.